Ikkinchi sentabr kuni opaning oldiga bordik. Gapni uzoqdan boshladim: oilada yolg‘iz o‘g‘illigim, ota-onam meni odam bo‘lsin deb, ToshDUga7 kirishimni bir umr orzu qilgani…
– Nima demoqchisan? – so‘radi Xatira opa.
– Biz o‘qishni ko‘chirmoqchi edik. Siz dam olishga ketgan ekansiz. Shunga, nomingizdan o‘zimizga «uch» baho qo‘yib… Uzr endi, opa…
To‘g‘risini aytsam, Xatira opaning bunchalik jahli chiqishini kutmagandim. Xuddi men «zachyotka»ga baho emas, vasiyatnomasiga qalbaki imzo qo‘ygandek, birdaniga portlab ketdi.
– Bu nimasi, Komiljon? Axir bu jinoyat-ku! Noqonuniy ish qilgansiz!
Xatira opa gapirgani sayin nima ish qilib qo‘yganimni, qalbaki «uch» arzimagan narsa emasligini tushunib yeta boshladim. U bizni rektorning yoniga sudrab bordi: «Agar bu ikkovini hoziroq institutdan haydamasangiz, men ketaman!» – deb shart qo‘ydi. Qattiq turib oldi. Chunki talabaning, ustiga ustak kelajakda mafkurani belgilaydigan talabalarning yolg‘onini kechirib bo‘lmaydi. Shuncha yalinsak ham, opa ko‘nmadi. Ikki oyog‘ini bir etikka tiqvoldi. Pul ham, tanish-bilish ham yordam bermadi.
Onamni chaqirtirib, shartta: «O‘g‘lingiz institutdan haydaldi», – deb e’lon qilishdi. O‘sha yerning o‘zida hushlaridan ketib qolmasinlar ishqilib, deb qo‘rqib turdim.
Oyim bilan Kosmonavtlar xiyobonidan jimgina yurib ketyapmiz. Kayfiyat rasvo. Sekin gap boshladilar:
– Mayli, Komiljon. Bildim, sendan katta odam chiqmas ekan. O‘zi rabochiyning bolasi rabochiy bo‘lar ekan-da. Hechqisi yo‘q, hozir adangning ishxonalariga boramiz, seni o‘zlariga yordamchi qilib oladilar. Hunarli bo‘lish ham yaxshi narsa. Moshina tuzatib non topasan.
Undan ko‘ra, tarsaki tushirganlari ming marta yaxshi edi. Onamning bor umidlari mendan, menga ishonardilar. Men bo‘lsam shuni bilib turib, pand berdim.
2002-yil
Mana endi chalamulla talabani vazirlikka ishga olishyapti. Xatira opadan ko‘pam xafa bo‘lmadim. Bu voqeadan katta saboq oldim, qaysidir ma’noda o‘sishimga ham shu sabab bo‘ldi. Eng asosiysi, yolg‘on ertami-kechmi fosh bo‘lishini vaqtida tushunib yetdim. Yolg‘onni ichingda saqlab, qachondir oshkor bo‘lishidan qo‘rqib yashagandan ko‘ra, qilmishingga yarasha o‘sha zahoti jazo olgan yaxshiroq ekan. Boshida FVV formasida, guvohnomamni ko‘tarib Xatira opaning oldiga bormoqchi bo‘lib yurdim. «Mana, kim bo‘lganimni bir ko‘rib qo‘ying…», – degim kelardi. Vaqt o‘tib, mening kelajagimga aynan Xatira opa turtki berganini tan oldim. U ustozning oldiga anchadan keyin bordim. Nimalarga erishganimni gapirib berdim. Lekin suhbatimiz umuman boshqa ohangda bo‘ldi.
U vaqtda esa mendan baxtli odam yo‘q edi. Hamma orzularim ushala boshlagan, oldinda meni omadli parvoz kutayotgandek edi.
Bu shiddatli parvoz to‘qqiz yil davom etdi. Shuncha yil har bitta ikir-chikirga e’tibor beradigan, talabchan perfeksionistning qo‘l ostida jonimni berib, bayram, dam olish nimaligini bilmay ishladim. Yo hammasini qoyil qilib qo‘yasan, yoki umuman keraging yo‘q. O‘shanda bir narsani sezganman – o‘zimga dushman orttirishga usta ekanman. Bu «fazilatim»dan umr bo‘yi qutulolmadim.