Biz – bolalar buvim bilan bitta xonada, yerga ko‘rpacha to‘shab uxlar edik. Buvim menga duo qilishni o‘rgatganlar. Har kuni uxlashdan oldin qiladigan duolari xotiramga qattiq o‘rnashib qolgan. Ma’nosini tushunmasdim-u, baribir qandaydir xotirjam bo‘lib qolardim. Keyin esa o‘z bilganimcha, derazaga, yulduzlarga qarab duo qilardim. Xudo eng yorug‘ yulduz tomonda, u meni aniq ko‘rib turibdi, menga yordam beryapti, yaqinda boy, mashhur va baxtli bo‘lib ketaman, deb qattiq ishonardim…
Lekin hozircha har kuni ertalab MTRK eshigida sarg‘ayib, kimdir meni o‘zi bilan olib kirib ketishini poylardim. Menga hatto ichkariga kirish uchun ruxsatnoma ham berilmagan, shuning uchun doim kimningdir etagiga osilib olardim. Sabrim chidamay, ichkariga qo‘ng‘iroq qilsam, «Davr»ning mas’ul kotibi Dilshod aka menga bobillab berardi: «Qo‘ng‘iroq qilaverma! Hammaning joniga tegib ketding! O‘shatta kutib o‘tir!» Mayli, umri uzoq bo‘lsin. Lekin shu gaplarni o‘qisin, bir paytlar meni hatto ruxsatnomagayam loyiq ko‘rmagan edi. Haligacha alam qiladi. Undanam yomoni, maosh beriladigan kuni «Davr»ning hamma xodimlari yetmish ming, yuz ming so‘mlab olib, cho‘ntagini to‘ldirib ketishar, menga esa bir yarim-ikki ming so‘m tegardi. Direktorimiz, agar iloji bo‘lganida, telestudiyaning tabarruk polini oyoqosti qilganim uchun yonimdan to‘lattirarmidi, deb o‘ylab qolaman.
Keyin meni FVV matbuot xizmatiga ishga chaqirishdi. Bu hayotimdagi birinchi haqiqiy omad edi. FVV binosi shaharning qoq markazida, hozirgi Senatning o‘rnida joylashgandi. Bu vazirlikka kirish ham xuddi MTRK binosiga kirishdek qiyin bo‘lgan. Ochig‘i, men «Davr»dan hecham ikkilanmay, jon deb ketdim. FVVdan guvohnoma, forma berishdi, bosh mutaxassis lavozimiga tayinlashdi. Qanchalik omadim kelganini xayolga ham keltirish qiyin – men o‘sha paytda o‘zboshimchalik bilan «zachyotka»ga baho qo‘yganim uchun institutdan haydalgandim.