Qo‘lingizdagi kitobda mening hali unchalik uzun bo‘lma- gan hayot yo‘lim aks etgan. Bu badiiy asar yoki monografiya emas. Ushbu kitobni o‘qigan yoshlarimiz o‘zlariga ozgina bo‘lsa-da, motivatsiya olsalar, faqat xursand bo‘laman. Xato, kamchiliklarga duch kelsangiz, aybga buyurmaysiz.Kitob ustida ishlash jarayonida turli fikrlar bo‘ldi. Xavotir, shubhalar ham tug‘ildi. Biroq shaxsiy fikrimcha, agar ko‘ngil toza, maqsad xolis bo‘lsa, Allohning O‘zi asraydi.Bunday kitoblar bizning yurtda ham shov-shuvli yangilik emas, odatiy hol sifatida, ko‘p bo‘lishi kerak. «Kitob o‘qi!», deb targ‘ib qilsag-u, lekin yangi(cha) kitoblarni chop etishga qo‘rqib o‘tirsak, o‘tiraveramiz. Hayotim davomida ko‘p holatda Allohga tavakkal qilib, shu bugungi darajaga yetib keldim. Bu safar ham xuddi shunday qilaman. Nima bo‘lsa – peshonadan.Pandemiya davrida, uyda bekor o‘tirganda, shu kitobni yo- zishni Alloh ko‘nglimga soldi. Yaxshilikka bo‘lsin ilohim.
Биографии и Мемуары / Документальное18+Komil Allamjonov
Allamjonov aybdor
So‘zboshi
Bu kitobni yozishga kirishguncha o‘zimni juda omadli deb hisoblardim. Butun umr omad kulib boqqandek tuyulardi. Mana hozir ham, shinamgina uyimda, oilam davrasida o‘tirib yozyapman. Muvaffaqiyatli biznesim, qiziqarli loyihalarim bor. Peshonaning yarqiragani shu emasmi?!
Lekin boshimdan o‘tgan voqealarni birma-bir eslab, omadim chopgan paytdan ko‘ra ishim yurishmagan vaqtlar ko‘proq bo‘lganini tushundim. Bitta muvaffaqiyatga erishish uchun shunchalik ko‘p muammoga duch kelgan ekanmanki, buni yuz foiz omad deb ham bo‘lmaydi.
Bilasizmi, onam – doya-hamshira. Doyalarga alohida imtiyozlar berilmagan. Bittagina kafolatlangan qulaylik – farzandlarini o‘zi ishlaydigan tug‘ruqxonada, ishonchli shifokorlar qo‘lida, hamkasb do‘stlari orasida dunyoga keltirish. Xullas, men tug‘iladigan paytim shuyam o‘xshamagan, onamning ishxonasi sanitariya-dezinfeksiya ishlariga – «moyka»ga yopilib qolgan.
I
Vazir keldi
Go‘dakligimda kattalarning oyog‘i ostida o‘ralashib, injiqlik yoki sho‘xlik qilsam, buvim doim: «Uni tinch qo‘yinglar, urishmanglar. Bu bolam ministr bo‘ladi», – derdilar.
U vazir bo‘ladi.
Nega unday deganlarini bilmayman. Buvimning fikricha, oilamizda mendan boshqa hech kim ministr bo‘lolmasdi. Avtoslesar bilan hamshiraning o‘g‘li bir kun kelib obro‘-e’tiborli, katta odam bo‘lishini xayolga ham keltirish qiyin edi.
Oyimni savolga tutaman. Ular ham buvim nega bunday deganlarini bilmaydilar.
Mana endi, oradan o‘ttiz yildan ko‘proq vaqt o‘tib, O‘zMAA1 binosining xolida turibman. Ministr bo‘lib. O‘zbekiston Мatbuot va axborot agentligining direktori maqomiga ko‘ra vazir hisoblanadi. Kattagina binoning birinchi qavati. Devor, shiftlari to‘kilay deydi, pollari chirib yotibdi, hamma yoq vayrona, chiqindi. Hatto vazirning, ya’ni mening xonamdan kanalizatsiyaning badbo‘y hidi anqiydi. Stalin davridan qolgan bu eski imorat oxirgi marta qachon ta’mirlanganini birov eslolmaydi.
Binodagi besh yuzdan ortiq xonaning deyarli hammasini ijarachilar egallab olgan. Xotin-qizlar qo‘mitasi, qaysidir partiyalar, qandaydir nashriyotlar, tadbirkorlar va yana kimlardir. Ichki hovlida mashinalar tiqilib ketgan. Hech kim menga ahamiyat bermaydi, odamlarning unisi u yoqqa, bunisi bu yoqqa o‘tib yuribdi. Ikkinchi qavatning chap qanotidagi kaftdek joy – mana shu O‘zMAA.
Meni jamoaga tanishtirish uchun Bosh vazir o‘rinbosari, Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov keldi. Tanishtirdi-yu jo‘nab ketdi. Majlislar zaliga tipografiyalarning yoshi o‘tib qolgan direktorlari, boshqarma boshliqlari yig‘ilgan. Har biri bu tizimda salkam yarim asr – Sovet Ittifoqi davridan beri ishlab keladi. O‘sha lahzada menga bo‘lgan munosabatni aniq his qildim: go‘yo xonaga yosh bola adashib kirib qolgan-u, buvisi mehr bilan: «Bolamni urishmanglar, u vazir bo‘ladi», deyayotgandek. Xonadagilar menga parvo qilmay, o‘zaro gaplashib o‘tirishibdi. Eshikdan kirib kelgan yoshgina ko‘zoynakli yigitchaga e’tibor qaratgandan ko‘ra, yonidagi obro‘li hamkasbining suhbati muhimroq ular uchun.