Bir yil ichida FVVning axborot tizimini yaxshigina o‘zlashtirib oldim. Mendan doim yangi g‘oyalar qaynab chiqar va ular Parpiyevga ma’qul kelardi. Muhimi, men bu g‘oyalarni ro‘yobga chiqara olardim. Lekin kimdir ishimga aralashsa chidolmasdim, vazir o‘rinbosarlari bilan tengma-teng gaplashar edim. Bir yilda ishini qoyil qilib bajaradigan mutaxassis deb hisoblay boshladim o‘zimni. Qizig‘i, mening hech kim bilan ishim bo‘lmasa ham, atrofdagilar nimagadir nuqul mening ishimga aralashar edi. Bu xuddi osh pishirish uchun oshpaz chaqirib qo‘yib, keyin uning tepasida turib, «guruchini kam sopsan, yog‘ni ko‘p quyvoribsan», degandek gap. Indamay, o‘ziga qo‘yib ber, oldin oshni damlasin, o‘xshata olmasa, ana undan keyin tanqid qil! Yo‘q, men bir ish qilsam, hamma burnini suqishi shart! Bunga chidolmasdim, shuning uchun Komil Allamjonovni betgachopar, o‘jar deb bilishardi. Bir ahmoq yoki tantiq bo‘lsam ham mayli ekan, ammo men ishimni qoyillatib bajarardim! Hamma mening «surbetligim» sababini qidira boshladi.
Hatto hukumatdagilar ham o‘ylashib gaplashadigan, uncha-munchani yaqiniga yo‘latmaydigan, kamgap, odamovi Parpiyev nima uchun bolasi tengi bu yigitchani yetaklab yurganini hech kim tushunmasdi. Oldiniga FVVga ishga oldi, keyin Bojxona qo‘mitasiga, undan keyin Soliq xizmatiga. Bu bolaning nimasiga ishonadi? Qarindoshi ekani aniq! Qarabsizki, bu bola generalning jiyani ekan, shuning uchun uni ko‘tarko‘tar qilyapti, degan mish-mishlar tarqaldi. Bu gaplarga mixday dalil ham topildi, Parpiyev – andijonlik, otasi Marg‘ilondan. Mening bobom ham asli farg‘onalik. Demak, amaki-jiyanmiz! Vodiyda hamma bir-biriga qarindosh, begonasi yo‘q.
Parpiyev FVVdan ketganidan keyin men ham u yerda uzoq ishlamadim. Lekin bu tashkilotning axborot xizmati saviyasini aynan men yangi bosqichga ko‘tardim, deb o‘ylayman.
U paytda odamlar FVV haqida hech nima bilmasdi, umuman, qutqaruvchilar borligidan ham bexabar edi.
Boshqarma boshlig‘i polkovnik Ergash Ikromov tozalikka katta e’tibor berardi. U boshqarmaga kirib kelganida hovli chinniday bo‘lishi, kabinetida isiriq tutatilishi shart edi. Idora hovlisiga har kuni suv sepib, supurib qo‘yilar, qutqaruv mashinalari yaraqlab, biror marta ishlatilmagan texnika yap-yangiligicha turardi.