Biz uchun gazetaning jonli bo‘lishi muhim edi. Har bir ruknni davomli yuritishga erishdik va bu o‘zini oqladi. Mavzular sondan songa kengroq yoritib berilar, natijada, o‘quvchilar davomini kutardi.
So‘rovnomalar o‘tkazib, u yoki bu muammo bo‘yicha tadbirkor va buxgalterlarning fikrlarini o‘rganib chiqqanmiz. Ijtimoiy tarmoqlar paydo bo‘lganida, biz ulardan birinchilardan bo‘lib foydalana boshladik.
Maqolalarni o‘zimizda ishlaydigan soliq maslahatchilaridan tashqari Moliya vazirligi va Soliq qo‘mitasi mutaxassislari tayyorlar, gazetada jurnalistlar deyarli yo‘q edi. Dolzarb mavzularni ko‘tarishga, tezkor ma’lumotlar berishga harakat qilardik. Bugungi kun tili bilan aytganda, biz yangiliklarni yaratayotgan edik.
Dadil ayta olamanki, «Soliq-info» tufayli buxgalterlarning tushunchasi o‘zgara boshladi, kasbiy malakasi oshdi. Gazeta DSQning rasmiy nashri bo‘lgani uchun buxgalterlar juda katta mablag‘larni tejashga, soliq sohasida huquqbuzarlikning oldini olishga, umuman, soliq tizimini optimallashtirishga yordam beradigan eksklyuziv axborotlardan foydalanish imkoniga ega bo‘ldilar. Ayni paytda mutaxassis konsultant yollashga hojat qolmadi, chunki gazetaning o‘zi eng yaxshi maslahatchiga aylandi.
Boshida gazeta faqat rus tilida nashr etilardi, keyinroq o‘zbek tilida ham chiqara boshladik. Shtat 40 nafar xodimgacha kattalashdi. Ofisni Soliq qo‘mitasi qoshidagi sport majmuasiga ko‘chirdik. Tahririyatimiz ancha oyoqqa turib oldi.
G‘oya va takliflar berib, jamoani yo‘naltiradigan asosiy tashkilotchi men edim. Xodimlarning qornini to‘ydirish, ularni munosib maosh bilan ta’minlash ham mening vazifamga kirardi. Juda ahil jamoa yig‘ildi. Bayramlar, timbildinglar uyushtirar, hatto basseynga birga borardik. Rosmana bir oilaga aylanib qolgan edik.
Men yaxshi rahbar edim va bu menga qimmatga tushdi. Meni bir me’yorda, xotirjam yashashga qo‘ymaydigan omad cho‘qqisining navbatdagi pog‘onasi bo‘ldi bu.
Xodimlar shefning tug‘ilgan kuniga syurpriz tayyorlashibdi. «Soliq-info» gazetasining maxsus menga atalgan sonini bittagina nusxada, lekin xuddi rostakam gazetaga o‘xshatib, maxsus qog‘ozda chiqarmoqchi bo‘lishibdi. Tipografiyadan: «Ofsetni bir nusxada bosmadan chiqarib bo‘lmaydi, kamida ming nusxa bo‘lishi kerak», – degan javob kelgan. Mingta bo‘lsa, mingta-da. Qolganini o‘zimiznikilarga tarqatamiz, esdalik bo‘lib qoladi, undanam ortsa, omborda joy ko‘p… Qo‘l ostimdagilar o‘rtaga pul tashlab, maxsus sonni chop etishgan. Birinchi betda kattakon suratim, tagida sarlavha: «2017-yil: Komil Allamjonov hayotida nimalar sodir bo‘ldi?» Gazeta sahifalari boshidan oxirigacha o‘ttiz uch yoshimgacha erishgan yutuqlarim bilan to‘ldirilgan.