Bu bizning g‘alabamiz edi! Uy taqsimoti uchun javobgarlar, agar ortiqcha gap chiqsa, albatta qulog‘imga yetib kelishini bilib, bir tiyin ham undirishga harakat qilishmagan. Binoni ta’mirlab berishni bo‘ynimizga olgandik, va’damizning ustidan chiqdik. Ishchilar hovlida katta dasturxon yozib, xudoyi qilishdi. Meniyam taklif etishdi. So‘zga chiqib, bu uylar yurtimiz Prezidenti hamda Agentlik tomonidan taqdim etilayotgani, hujjatlar qonuniy rasmiylashtirilgani va mendan keyin ham ishchilardan uyni hech kim tortib ololmasligini aytdim. Kimdir xursandchiligini ichiga sig‘dirolmay yig‘lagan, kimdir kulgan, hammaning ko‘zi chaqnab turibdi, xullas, esdan chiqmaydigan kun bo‘ldi.
Prezident siyosatining asosi ham odamlar turmushini yaxshilashdir. Men esa komandaning bir a’zosi sifatida shu ishga ozgina bo‘lsa ham hissam qo‘shilganidan mamnun edim.
Shuncha yil omonat uyda hayot kechirish, omonat uyda farzand ko‘rib, to‘y-tomoshalar qilish, istalgan paytda ko‘chada qolishi mumkinligini o‘ylab, qo‘rqib yashash… Hozir o‘z uylarida tinch-xotirjam yashayotgan o‘sha odamlar duolarida meni ham eslab qo‘yishadi, degan umiddaman.
Yana balansimizda respublikadagi yagona matbaa-noshirlik kasb-hunar kolleji ham bo‘lib, yopilish arafasida turgan ekan.
Qabulimga direktori keldi.
– Binoni bo‘shatib berishimiz kerak, – dedi.
– Xo‘p, yaxshi. Matbaachilarni qaуerda tayyorlaymiz unda?
– Kollejning o‘zi bo‘lmaydi! – xo‘mrayib javob berdi direktor.
– Mamlakatda 1600ta matbaa korxonasi ishlab turibdi-yu, matbaachi tayyorlaydigan birorta o‘quv dargohi bo‘lmaydimi?! Bunaqasi ketmaydi!
Kollejni saqlab qoldik. Vazirlar Mahkamasining bu boradagi Qaroriga o‘zgartirish kiritilishiga erishdik. Kollejning yopilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasdi. Chunki kitob, darslik, o‘quv qo‘llanmalari, ko‘rgazmali tashviqot vositalari o‘rnini hech nima bosa olmaydi – internet ham, boshqasiyam.
Endi oldimizda turgan eng muhim masala SO‘Z ERKINLIGI edi. Biz Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunamiz. VM esa vazirlik va idoralar degani. Tanqid asosan shularga qaratilgan bo‘lsa, qanday qilib so‘z erkinligiga erishish mumkin? Demak, Agentlik vazirliklar bilan teng maqomda bo‘la olmaydi.
Prezidentga bildirish xati kiritdik. Agentlik bevosita Prezident Administratsiyasiga bo‘ysunsagina OAVni himoya qilishi mumkin. Masalani shu nuqtaуi nazardan asosladik. Bizga qo‘ng‘iroq qilib, og‘zimizni yopadiganlar bo‘lmasligi kerak. Rahbariyat bu taklifni qo‘llab-quvvatladi.
Agentlik xodimlari maoshini bir necha barobar oshirdik. Arzimagan pul to‘lab, odamlardan vijdonan ishlashni talab qilib bo‘lmaydi. Oyliklar qay darajada o‘zgarganini tasavvur qilishingiz uchun misol keltiraman: bir yarim million oladiganlarning maoshi o‘n sakkiz millionga chiqdi. Sohani yaxshi biladigan mutaxassis o‘z qadrini ham biladi, halol ishlaydigan bo‘lsa, o‘sha arzimas pulga ko‘nmaydi.
«Botir Parpiуevning jiyani» bo‘lmaganimda, bu ishlarni eplay olmasdim, albatta. Men shafqatsiz soliq idorasi maktabida juda samarali saboq olganman.
II
Parpiyevning jiyani