III
Shakar, vanna, press, baklajka
To‘qsoninchi yillar oilamiz boy bo‘lmagan, lekin och ham qolmaganmiz. Onam doya, otam avtoslesar edi. Bolalar tug‘ilavergan, mashinalar buzilavergan, ota-onam ishsiz qolmagan. Ularning eng katta orzusi farzandlariga yaxshi ta’lim berish bo‘lgan. Shuning uchun oyim o‘qishimni oltinchi sinfdan ToshDU qoshidagi gimnaziyaga (keyinchalik akademik litseyga aylantirildi) o‘tkazgan. Hech kimga pul-mul bermagan. Oyim pora berish kerakligini bilmasdi ham.
Pul – ajoyib narsa! U menga doim zavq bergan. O‘zi oldindan boshqalarga o‘xshab faqat oylikka ko‘nib yashash niyatim yo‘q edi. Katta bo‘lganimda ko‘p pul topishimga, xohlagan narsamni sotib olishimga aniq ishonganman. Lekin bu kunlarni uzoq kutishga sabrim chidamasdi. Hoziroq boyib ketib, mahallamiz yoshlari havas qiladigan yangi «qahramonlarimiz» – magazinchilar, choyxona va makaron fabrikalarining xo‘jayinlari, popkorn sotuvchilarga o‘xshab yurgim kelardi. Hammasining tagida yangi mashina, oyog‘ida krossovka, egnida zamonaviy sport kiyimi, jinsi shim – xullas, butun dunyoda ulardan zo‘ri yo‘q.
Kommunistik mafkura puchga chiqqan paytlar. Qo‘ni- qo‘shni orasida faqat biznes rejalar, tez va osongina boyib ketish yo‘llari haqida gap-so‘zlar yurardi. Biz o‘n uch ya-shar o‘smirlar ham cho‘ntagimizda doim pul bo‘lishini xohlardik. Ko‘p tengdoshlarim o‘zi ishlab daromad topar, kimdir oilasiga yordam bersa, yana kimdir kichik orzulariga pul yig‘ardi.
Mendan yollanma ishchi chiqmadi. Ammavachchamning jo‘xori qalamchalari chiqaradigan sexida bir kun ishlab ko‘rdim. Arzimagan pul uchun ertalabdan kechgacha ter to‘kib mehnat qilish menga emas ekan.
Vazifam nimadan iborat edi? Jo‘xorini oldin «drobilka»ga, keyin maxsus apparatga solamiz. Jo‘xori doni issiq havo bosimi ostida paqillab yorilib, qalamchaga aylanadi. Ish haqi tayyor mahsulotning kilosiga to‘lanadi. Bir uyum jo‘xori qalamchasini chiqarib, kamida o‘n kilogramm bo‘ldi, deb o‘ylaysan. Tortib ko‘rsang, zo‘rg‘a yarim kilo chiqadi. Ish kuni oxirida ammavachcham pul o‘rniga qo‘limga o‘zim tayyorlagan jo‘xoridan tutqazdi. Uyga kelib, «ish haqim»ni stolga qo‘ydim-u yechinmasdan, o‘zimni krovatga tappa tashladim. Ertalabgacha qotib uxlabman. Uyg‘onganimda aniq bir qarorga keldim – men hech qachon yollanma ishchi bo‘lmayman!
Gap og‘ir mehnatdan qochishda emas. Menga birovning cho‘ntagini to‘ldirish uchun belni bukib, evaziga arzimagan chaqa topish yoqmadi. Bunaqa kapitalizmni hazm qila olmasdim. Biz litseyda o‘zimiz popkorn tayyorlab sotardik. O‘zimiz uchun ishlardik, shunga mehnati malol kelmagan. Ko‘pi kuygan, bemaza popkornimiz uncha yaxshi ketmasdi. Bu tadbirkorlik faoliyatimda birinchi saboq bo‘lgan – mahsuloting sotilishini xohlasang, ishni sifatli qil!
O‘n uch yoshimda qand qiroli bo‘lishga qaror qildim. O‘zimga velik olishim kerak edi. Velosipedi bor o‘rtoqlarim uchishga bermay qo‘yishdi. Ota-onam esa: «Komiljon, veliksiz ham doim qayoqlardadir sang‘ib yurasan, velosiped minsang, seni umuman topolmay qolamiz!» – deb gapni qisqa qilishdi.
Biznes-reja bunday edi: bir qop shakar sotib olinadi, uni qandga aylantirib, ustiga pul qo‘yib sotiladi. Shakar bilan qandning narxi orasidagi farq – sof foyda.
Tayyor shakar sexini ijaraga oldim. «Sex» deganda ko‘z oldingizga nima keldi bilmadim-u, ammo bu hech kim yashamaydigan tashlandiq bir uy edi. Undagi bor uskuna – tegirmon, press, fanera, vanna, isitkichli fen va bir yarim litrlik baklajka, xolos. Oldin shakar kukunga aylantiriladi. Keyin vannaga solib, ustidan bir yarim litr sovuq suv quyiladi. Kukun nam tortib, qorga o‘xshab g‘irchillab qolganda, pressdan chiqarilib, faner ustiga yoyiladi. Qand shakliga solinib, fenda quritiladi. Bir kecha-kunduzda bir qop shakar oldi-berdiga ishlatiladigan, to‘y-hashamda dasturxonga qo‘yiladigan shirinlikka aylanadi.
Otam ko‘p magazinchilarning mashinasini tuzatardilar. Shu tanishlaridan mahsulotimni sotib berishni iltimos qildilar.