– Kechirasiz, hali ulgurmadik… – degan mujmal javoblar eshitildi.
– Agar berilgan topshiriqni bajarmasangiz, sizlarni ishdan olishga majbur bo‘laman, – bu gapni hammaning oldida, mikrofon orqali aytdim.
Ertasigayoq shoshilinch ravishda mukofot puli tarqatildi. Hech qanday protokol-u rasmiyatchilikka qarab o‘tirmasligimni bilib, hayiqishdi, shekilli. Hammaning oldida nimani o‘ylasam, o‘shani gapiraman, ishdan shartta bo‘shatishim mumkin, arizaga «o‘z xohishiga binoan…» degan yozuvni tirkab, imijimida choponni yelkaga tashlab ketish yo‘q.
Mukofotni vaqtida berish arzimagan masaladek ko‘rinishi mumkin, lekin bu yangi rahbarning bir so‘zli ekanini isbotladi. Shundan keyin ishchilarning muammolarini o‘rgana boshladim. O‘ziga xos ochiq eshiklar marafonini e’lon qildim. Istagan xodim kelib, dardini aytishi, savol yoki taklifini berishi mumkin edi. Ertalabdan boshlangan kirdi-chiqdi yarim kechagacha davom etardi. To‘ylar, maoshlar, ta’tillar, davolanish, ijtimoiy imtiyozlar, xat-hujjat – ko‘rmagan masalamiz qolmadi.
Odamlarni rag‘batlantirish uchun «O‘zbekiston» nashriyotida ishlaydigan hamma xodimlarning maoshini yaxshigina ko‘tardim.
Tipografiya xodimlarini esa ogohlantirdim: kim o‘g‘rilik qilsa, javobgarlikka tortiladi. To‘g‘ri, «otkat»lar bilan solishtirganda bu pul xamir uchidan patirdek edi. Kimlardir baribir eski hunarini qo‘ymadi va ishdan bo‘shatildi.
Darvoqe, direktorning ham oyligini oshirdim. Undan oldin xususiy bozorda eng zo‘r mutaxassislarning mehnati qanchaga baholanishini surishtirdim. Natijada, direktorning maoshi 2,5 milliondan deyarli 25 millionga chiqdi.
Oyligi rasman qancha ekanini aniqlaganimda, o‘rtamizda noxushroq suhbat bo‘lib o‘tdi:
– Milliardlab pul aylanadigan, 650 kishilik jamoaga bosh-qosh rahbar bunaqa arzimagan oylikka ishlashi uchun yo ahmoq bo‘lishi kerak, yoki o‘g‘ri. Siz qaysi birisiz? – so‘radim kinoya bilan. – Shaxsan men qo‘l ostimda ikkala toifa ham ishlashini istamayman.
Rahbarlar istalgan paytda lavozimidan ayrilishi mumkinligini tushunishdi. Topshiriqni bajarmasa, ishdan olaman. Qattiq va ayovsiz bosim o‘tkazishga to‘g‘ri keldi.
Ma’lum vaqtdan keyin direktor qabulimga kelib, «o‘z xohishiga ko‘ra» lavozimidan ozod etishimni so‘radi. Yo‘q! Aniq bir sabab bo‘lsa, bo‘shataman, o‘z ixtiyori bilan ketish yo‘q!
Tipografiyalardan biridagi sexda ishchilar yerto‘lada ishlashar ekan. Bino taxminan ellik yildan beri ta’mirlanmagan. Hamma yoqda namgarchilik, zax bosib yotibdi, xonalar nimqorong‘i. Binoni epaqaga keltirish uchun bir hafta muddat berdim. Roppa-rosa bir hafta! Direktor ertasidan ishga chiqmay qo‘ydi. Hamma ishni tashlab, yo‘qolib qo‘ya qoldi.
Nashriyotlarning rahbarlari qaltis vaziyatda edi. Meni na pora berib, na kimlargadir qo‘ng‘iroq qildirib o‘zlariga og‘dira olishdi. Bunday yuqori lavozim egasiga uncha-muncha odam haddi sig‘ib iltimos bilan chiqa olmaydi. Shuning uchun yillar davomida nashriyotlar mablag‘ini o‘zlashtirib kelganlar sekingina juftakni rostlashdi.
Yo‘limizga to‘g‘anoq bo‘layotganlarning ildizini quritish kerak edi. Aks holda, ular ishlashga xalaqit berishlari, ustimdan yumaloq xatlar yozib, oyog‘imdan chalishga harakat qilishlari aniq. Lavozimida qolganlarga har qanday qoidabuzarlik va sabotaj uchun albatta javobgarlikka tortishimni tushuntirib qo‘ydim. Yoshi yoki ko‘rsatgan xizmatlariga qaramay, hech kimni ayab o‘tirmaymiz, aybdor jazosini oladi.
Moliyaviy tekshiruv O‘zMAAga qarashli «O‘zbekiston» nashriyoti zararga ishlayotganini ko‘rsatdi. Vaholanki, davlat buyurtmalaridan hisob raqamiga milliardlab so‘m tushib turardi. Vaziyatni o‘rganib, tashkilot balansida sohaga aloqasi bo‘lmagan qandaydir aktivlar, binolar borligi va ulardan foydalanish uchun juda katta mablag‘ sarflanishini aniqladik.
Eng ko‘pxarj bino «O‘zbekiston» nashriyoti qoshidagi yotoqxona ekan. Xodimlar u yerda o‘n yillab, avlod-avlodi bilan yashaydi. Bino nashriyot balansida. Lekin ular doim ijara haqi to‘lab kelgan.
Yuristlarga masalani o‘rganib, qonuniy yechimini topish bo‘yicha topshiriq berdim. Har bir oila ijara xonadonini o‘z nomiga rasmiylashtirsin, yotoqxonada emas, shaxsiy uyida yashasin, dedim. Yechim topildi. Shuncha yil ijarada turgan ellikta oila boshpanali bo‘ldi.
Har bir xonadonga birma-bir kirib, bir piyola choy ustida mezbonlarni gapga soldim. «Uyni o‘z nomingizga rasmiylashtirishda muammo tug‘ilmadimi? Hech kim hech narsa tama qilmadimi? Uyli bo‘lish uchun kimningdir cho‘ntagiga pul solish kerak, degan gaplar bo‘lmadimi?» Hammadan bir xil javob eshitdim: «Yo‘q, unaqasi bo‘lmadi».