Boshqa bir Quyosh qurilmasi kichik tuynukli kattakon sharga o‘xshaydi. Uning ichi qop-qora. Oynaga to‘plangan Quyosh nuri ana shu tuynuk orqali sharga o‘tib, uning ichki sirtini qizdiradi. Bu issiqlikni dvigatel uchun ham, metallurgiya ishlari uchun ham qo‘llashimiz mumkin. Biz olti ming daraja, ya’ni Quyosh sirtidagi bilan baravar haroratni bemalol hosil qilaveramiz. Oyga uchib ketayotgan paytingizda shar-zavodimizga ko‘zingiz tushmadimi?
— Ko‘rdim, — dedim men. — U kichkina planetachaga o‘xshaydi.
— Sharning orqasidagi osmonning yarmini to‘sib turgan kattakon to‘rt burchak narsani payqadingizmi?
— E’tibor bermabman.
— Ehtimol, sizlar narigi tomonidan uchib o‘tgandirsizlar. «Kvadrat» yon tomoni bilan turib qolgan. Quyosh yoritgan paytda u «to‘rt burchak oy» dan olis-olislardan ko‘rinib turadi. Bu fotoelement o‘n ming kvadrat metrli juda yupqa tunuka mis oksidi bilan qoplangan. Undan uzoqdan ko‘zga ko‘rinmaydigan ingichka simlar tortilgan. Uning tepasida bug‘ bilan isitish radiatoriga o‘xshash yanada ulkanroq inshoot joylashgan. Termoelektrik qurilma. Har xil metallardan yig‘ilib, o‘rtasi paypand qilingan metall quvurlar. Payvandlangan joyni quyosh qizdirganda elektr toki hosil bo‘ladi.
— Qisqasi, cheklanmagan miqdorda energiyaga egamiz. Maxsus metallni qayta ishlovchi mashinalarni yaratish qiyin emas edi. Toblashni, albatta, bu yerda qo‘llab bo‘lmaydi. Bolg‘alarning vazni yo‘q. Ammo uni bemalol shtampovka, press bilan almashtirish mumkin. Shuning uchun ham bizning fabrika va zavodlarimizda tutun, qurum, chang degan gap yo‘q. Hammayoq pokiza, jimjitlik, havo musaffo. Og‘ir narsalarni tashish hech gapmas. Bizning meteor ovlovchilarimiz minglab tonna temir, mis, cho‘yan, qalay, iridiy, platina, xrom, volfram yig‘ib qo‘yishgan. Ular shar orqasidagi «hovlida» «osilib» turibdi. Kerakli metallni zavodga ingichka sim bilan tortib olaveramiz. «Ichki tra, nsport» imiz shunaqa jo‘n. Ba’zan elektrokar o‘rnini bosuvchi kichkina raketokarlardan ham foydalanamiz. Bizda asosan elektr payvand qo‘llaniladi, lekin ayrim hollarda bevosita «quyosh payvand» ni ishga solamiz. Agar texnikaga sal bo‘lsa-da, qiziqsangiz, zavodimizni albatta borib ko‘ring… Darvoqe, bugun ertalab bizning vaqtimiz bilan soat o‘n ikkida qayerda edingiz?
— Oranjereya yoki laboratoriyada.
— Trevogani eshitdingizmi?
— Yo‘q.
— Demak, bu vaqtda Ketsdan naridagi laboratoriyada ekansiz. Bo‘lmasa eshitardingiz. Sirena shunaqa chiyilladiki! Men Parxomenkoning oldida o‘tirgan edim. Ketsdati to‘s-to‘polonni ko‘rganingizda edi!
— Nima uchun trevoga ko‘tarildi?
— Juda kam uchraydigan bir hodisa tufayli. Kets Yulduzi tarixida birinchi marta bo‘lishi. Kattaligi qumdan sal yirikroq bir meteor Yulduzimizni teshib o‘tib ketdi, yo‘l-yo‘lakay o‘simlik barglarini va xodimlarimizdan birining yelkasini ham teshib o‘tgan. U juda kichkina bo‘lgan. Buni shundan ham bilsa bo‘ladiki. Kets qobig‘ida hosil bo‘lgan teshik o‘sha zahotiyoq bitib, o‘z-o‘zidan payvand bo‘lib ketgan. Yelkasi teshilgan Gorevaning aytishicha, u olov «yarq» etib ketganini ko‘rgan, xuddi chaqmoq chaqqandagiday qars-qurs etgan tovushni eshitgan. O‘sha zahotiyoq trevoga e’lon qilingan. Axir, meteor qobiqda kat takon teshik qoldirishi ham mumkin edi-da. U holda gaz chiqib ketib, raketaga samoviy sovuqlik bostirib kirardi. Shuning uchun ham raketamiz xonalarga bo‘lingan. Eshiklar darhol o‘z-o‘zidan yopiladi, natijada raketaning boshqa xonalaridagi atmosfera chiqib ketolmaydi. Avariya yuz bergan xonaga skafandr kiygan ishchilar jo‘natiladi. Goreva o‘z xona sidan eshiklar yopilib qolmasdan ilgari chiqib olishga ulgurgan. Har ehtimolga qarshi kalitlar ham bor. Eshik yopilib qolganda kalit bilan ochib, chiqib ketish mumkin. To‘s-to‘polon bo‘lishiga qaramay, hamma tez va aniq harakat qilg‘an. Gorevaning yarasini ko‘rgan Meller, bunaqa «toza» yarani umrida ko‘rmaganini aytdi. Darvoqe, ninaning uchiday keladigan teshikni yara deyish ham qiyin. Bu «yara» hatto bog‘lab qo‘yishni ham talab qilmadi. Lekin ko‘p gapirvordim, — dedi injener qo‘l soatiga qarab. — Shunday qilib, sizni kutaman-a!
Men zavodni albatta borib ko‘rishga va’da berdim. Lekin bu va’dam amalga oshmadi. Boshqa ishlar bilan ovora bo‘lib ketdim.