Berlioz sarkoma dardi va tramvay haqidagi ko‘ngilsiz hikoyani zo‘r diqqat bilan tinglarkan, allaqanday hayajonli o‘ylar uni iztirobga sola boshladi. «U xorijlik emas! Xorijlik emas! — deb o‘ylardi Berlioz. — Juda antiqa bir nusxa… lekin, har qalay, kim bo‘ldiykin bu?»
— Chekkingiz kelyapti, nazarimda, a, — deb kutilmaganda Bezdomniyga yuzlandi notanish mehmon. — Qanaqasini yoqtirasiz?
— Nima, sizda har xil papiros bormi? — noxush ohangda so‘radi shoir — chindanam uning papirosi tugagan edi.
— Qaysi papirosni yoqtirasiz? — takror so‘radi notanish odam.
— Hay, «Nasha marka» ni, — jahl bilan dedi Bezdomniy.
Notanish mehmon cho‘ntagidan ohista portsigar chiqarib uni Bezdomniyga uzatdi:
— «Nasha marka».
Muharrirni ham, shoirni ham hayratga solgan narsa portsigarning aynan «Nasha marka» papiros bilan toTdirilganidan ham ko‘ra, portsigarning o‘zi hayratga solgan edi. U juda kattakon va qizil oltindan yasalgan bo‘lib, ochilganida qopqog‘i ustiga o‘rnatilgan uch qirrali gavhartosh ko‘k va oq cho‘g‘ bo‘lib yaraqlab ketdi.
Shunda ikki adabiyotchi ikki xil xayolga bordi. Berlioz: «Yo‘q, ajnabiy odam!» — dedi, Bezdomniy bo‘lsa: «Obbo la’nati! Kim bo‘ldi o‘zi bu, a?» — deb ko‘nglidan o‘tkazdi.
Shoir bilan portsigar sohibi papiros tutatishdi, chekmaydigan Berlioz esa papirosni rad etdi.
«Unga bunday deb e’tiroz bildirish kerak, — ahd qildi Berlioz, — ha, o‘lim haq, buni hech kim inkor etmaydi. Lekin gap shundaki…»
Biroq u aytmoqchi bo‘lgan gapini aytishga ulgurmay, xorijlik mehmon gap boshlab yubordi:
— Ha, o‘lim haq, lekin bu ham hali baharnav. Eng yomoni shundaki, u ba’zan kutilmaganda qazo qiladi, hamma balo shunda! Odam, umuman, bugun kechqurun nima bilan mashg‘ul bo‘lishini ham ayta olmaydi.
«G‘irt bema’ni musohaba…» — deb o‘yladi Berlioz va e’tiroz bildirdi:
— Yo‘q, bu o‘rinda judayam lof qilib yubordingiz. Masalan, men bugun oqshomda nimalar qilishimni, ozmi-ko‘pmi, aniq bilaman. Ha, albatta, turgan gapki, mabodo Bronnaya ko‘chasida boshimga dabdurustdan g‘isht tushib ketmasa…
— G‘isht, — deb unipg so‘zini salobat bilan bo‘ldi notanish mehmon, — hech qachon, hech kimning boshiga besabab tushmaydi. Ishontirib aytamanki, shaxsan sizga g‘isht hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Siz boshqacha o‘lim topasiz.
— U qanaqa o‘lim ekan, balki siz bilarsiz? — deb oshkora kinoya bilan so‘radi Berlioz bu g‘irt bema’ni suhbat domiga tobora ko‘proq tortilarkan. — Ehtimol, menga aytarsiz ham?
— Bajonidil, — dedi begona kishi. U go‘yo Berliozga kostyum bichmoqchi bo‘lganday, boshdan-oyoq unga razm solib chiqdi, so‘ng gijir tishlari orasidan: «Bir, ikki… Merkuriy ikkinchi uyda… oy botdi… olti — baxtsizlik… oqshom — yetti…» — deb g‘o‘ldiradi-da, sho‘x ovoz bilan baralla dedi: — Kallangiz uziladi!
Bezdomniy bu betakalluf odamga jahl bilan o‘qrayib qaradi, Berlioz esa miyig‘ida tirjayib so‘radi:
— Kim uzadi? Dushmanlarmi? Interventlarmi?
— Yo‘q, — deb javob qildi hamsuhbat, — rus qizi, komsomol qiz.
— Hm… — deb qo‘ydi Berlioz notanish ajnabiyning qaltis hazilidan g‘ijinib, — afv etasiz-u, ammo bu dargumon.
— Meni ham afv etishingizni so‘rayman, — javob qildi ajnabiy kishi, — lekin bu aniq. Darvoqe, sizdan bir narsani so‘ramoqchiydim, bugun kechqurun nima ish qilasiz, agar sir bo‘lmasa?
— Sir emas. Hozir Sadovaya ko‘chasiga, uyimga boraman, keyin kech soat o‘nda MASSOLITda majlis bor, men unda raislik qilaman.
— Yo‘q, aslo bunday bo‘lishi mumkin emas, — qat’iy e’tiroz bildirdi xorijlik kishi.
— Nima uchun endi?
— Shuning uchunki, — deb javob qaytara boshladi ajnabiy mehmon va suzuk ko‘zlarini osmonga qaratdi, — hademay oqshomgi salqin tushishini his qilgan qora qaldirg‘ochlar fazoda tovushsiz «viz-viz» uchadilar, Annushka pista moyi sotib oldi, sotib oldigina emas, uni to‘kib ham bo‘ldi. Demak, majlis bo‘lmaydi.
Turgan gapki, bu mujmal gapdan so‘ng jo‘kalar ostiga sukunat cho‘qdi.
— Afv etasiz, — deb bir oz sukutdan keyin gap boshladi Berlioz, bema’ni safsata sotayotgan xorijlik kishiga qarab qo‘yib, — pista moyining bunga nima daxli bor… keyin, kim u Annushka?
— Pista moyining daxldorligiga sabab buyoqda, — deb birdan gapga aralashdi Bezdomniy, chamasi u chaqirilmagan hamsuhbatga qarshi urush e’lon qilmoqchi bo‘lgandi, — siz, grajdanin, ruhiy kasallar shifoxonasida hech bo‘lganmisiz?
— Ivan!.. — ohista tanbeh berdi Mixail Aleksandrovich.
Lekin ajnabiy mehmon aslo ranjimadi, balki xushchaqchaq kulib yubordi.
— Bo‘lganman, bir emas, bir necha marta bo‘lganman! — deb chinqirdi u kulgancha, lekin jiddiy ko‘zlarini shoirdan uzmay. — Ne-ne joylarda bo‘lganman! Faqat, afsus, professordan shizofreniya nima deb so‘rashni unutibman. Endi o‘zingiz undan so‘rab bilib olasiz-da, Ivan Nikolaevich!
— Ismi-sharifimni qayoqdan bilasiz?