— Lekin ijozatingiz bilan sizdan bir narsani so‘ramoqchiydim, — deb yana gapira boshladi ajnabiy mehmon bir oz hayajonli xayolga berilib o‘tirgandan keyin, — xudolarning mavjudligi borasidagi dalillar nima bo‘ladi? Axir u dalillar, maTumingizki, rosa beshta…
— Tassufki, — deb javob qildi Berlioz, — o‘sha dalillarning birontasi ham hech qanday qiymatga ega emas, binobarin, bashariyat allaqachon ularni unutib yuborgan. Axir, aql-zakovat yuzasidan olganda, xudoning mavjudligini isbotlaydigan hech qanday dalil bo‘lishi mumkin emas, shunday emasmi?
— Ofarin! — chinqirib yubordi chet ellik. — Ofarin! Siz tinib-tinchimagan qariya Immanuilning bu borada aytgan fikrini mukammal takrorladingiz. Lekin qizig‘i shundaki, u beshala dalilni ham tamomila barbod qilgan, keyin esa o‘z ustidan kulmoqchi bo‘lganday, shaxsan o‘zi oltinchi dalilni kashf etgandi!
— Kantning dalili ham, — mayin tabassum bilan e’tiroz bildirdi zakovatli muharir, — asossiz. Shiller bekor aytmagan edi, Kantning bu masala yuzasidan mulohazalari faqat qullarnigina qanoatlantirishi mumkin deb, Shtraus esa bu dalilni mazax qilib kulgan edi.
Berlioz gapirarkan, ayni paytda: «Har qalay, bu odam kim bo‘ldiykin? Rus tilida bunchalik yaxshi gapirishni qaerdan o‘rgandiykin?» — deb o‘ylardi.
— Menga qolsa, o‘sha Kantni shu nazariyasi uchun uch yilga Solovkiga surgun qilardim! — deb yubordi birdan Ivan Nikolaevich xuddi tomdan tarasha tushganday.
— Ivan! — deb pichirladi xijolat bo‘lgan Berlioz.
Lekin Kantni Solovkiga jo‘natish to‘g‘risidagi taklif chet ellik mehmonni hayratda qodiribgina qo‘ymay, hatto uning dilini chog‘ ham qilib yubordi.
— Juda to‘g‘ri, aynan shunday qilish lozim, — deb chinqirib yubordi u, shunda Berliozga qaragan chap ko‘k ko‘zi birdan chaqnab ketdi, — uning joyi o‘sha yer! Ha, o‘shanda nonushta paytida unga: «Siz, professor, nima desangiz deng, lekin kashf etgan dalilingiz qovushmayapti! Ehtimol, u oqilona dalildir, ammo juda mubham. Sizni mazax qilib kulishlari mumkin», deb aytgan edim-a.
Berlioz baqrayib qoldi. «Nonushta paytida… Kant bilan gaplashgan?.. Nima deb valdiryapti o‘zi?» — deb o‘yladi u.
— Lekin, — gapida davom etdi chet ellik Berliozning hang-mang bo‘lganiga parvo qilmay, shoirga yuzlanarkan, — uni Solovkiga jo‘natishning hech imkoni yo‘q, bunga sabab, u, mana, yuz yildan oshdiki, Solovkidan ko‘ra ancha olisroq yerga jo‘natilgan, shu bois uni u yerdan olib chiqish — aslo mumkin emas, men sizga aytsam!
— Attang! — dedi qitmir shoir.
— Ha, attang! — dedi notanish ajnabiy ko‘zini chaqnatib, so‘ng gapida davom etdi: — Lekin meni boshqa masala bezovta qilyapti; agar xudo yo‘q bo‘lsa, unda bashariyat hayotini va umuman, yer yuzidagi barcha jonzodlarni kim boshqaryapti, degan savol tug‘iladi.
Bu, ochig‘ini aytganda, uncha oydin bo‘lmagan savolga Bezdomniy jahl bilan shosha-pisha javob qildi:
— Kim bo‘lardi, insonning o‘zi-da!
— Kechirasiz, — muloyim ohangda javob qildi notanish kishi, — hayotni boshqarish uchun, hech bo‘lmasa, oz muddatlik aniq bir reja bo‘lishi kerak. Vaholanki, atigi biror ming yil muddatga reja tuzish u yokda tursin, hatto o‘zining ertangi kuni haqida ham bir nima deyishga ojiz bo‘lgan inson, qani, menga ayting-chi, qanday qilib hayotni boshqara olsin. Darhaqiqat, — shunday deb u endi Berliozga o‘girildi, — bir tasavvur qilib ko‘ring, chunonchi, siz o‘zgalarni ham, o‘zingizni ham boshqara boshladingiz, farmoyishlar bera boshladingiz, umuman, bu ishning havosini ola boshladingiz, lekin birdan… ihi… ihi… o‘pkangiz sarkoma kasaliga chalinadiyu… — chet ellik go‘yo o‘pka sarkomasi unga huzur bag‘ishlaganday mamnun jilmay-di, — ha, sarkoma, — u ko‘zlarini mushuk yanglig‘ qisib, bu jarangdor so‘zni yana takrorladi, — shu bilan, boshqaruvchilik faoliyatingiz ham tugaydi-qoladi! Endi o‘z taqdiringizdan bo‘lak hech kim sizni qiziqtirmaydi. Xeshlaringiz sizni yolg‘on so‘zlar bilan yupatmoqchi bo‘lishadi, siz ahvolning pachavaligini his qilib, avvaliga alloma vrachlarga, keyin tovlamachi tabiblarga, hattoki folbinlarga ham zir yugura boshlaysiz. Lekin allomalardan ham, tabiblardan ham, folbinlardan ham hech bir naf boTmasligini o‘zingiz yaxshi bilasiz. Oqibat bu urinishlarning hammasi fojia bilan tugaydi: yaqinginada o‘zini qandaydir ishlarni boshqarayotgandek his qilgan shaxs endi birdan taxta tobutda qimir etmay yotgan bo‘ladi, uning atrofida parvona bo‘lganlar esa bu jonsiz jismdan hech qanday naf yo‘qligini tushunib, pechda kuydirishadi. Lekin bundan ham battar bo‘lishi mumkin: bir odam Kislovodskka otlandi deylik, — shu yerga kelganda ajnabiy kishi Berliozga ko‘zlarini qisib qaradi, — oddiy safar deysiz, ammo u shuni ham amalga oshirolmaydi, chunki noma’lum bir sababga ko‘ra birdan sirg‘anib ketib, tramvay tagiga tushadi. Nahotki, sizningcha, u o‘zini o‘zi shunday boshqargan bo‘lsa? Uni qandaydir boshqa bir xilqat boshqargan edi, deb e’tirof etish to‘g‘ri boTmasmikin? — shunday deb ajnabiy kishi g‘alati istehzo bilan kulib yubordi.