— Salom, siz bilan gaplashayotganimdan juda xursandman! Halok bo‘lishingizga sal qolibdi-ya? Siz uchib kelmasingizdan oldin eshituvdim. Oy raketasidan xabar qilishgan edi… Xayriyat, yaxshilik bilan tugabdi. Men bo‘lsam absolyut sovuqlik laboratoriyasida juda qiziq ishlar bilan mashg‘ulman. Laboratoriya raketamizning soya tomonidagi balkonga joylashgan. Fazoviy kostyumda ishlashga to‘g‘ri kelyapti. Sal noqulayroq. Ammo absolyut sovuqlik shundoqqina qo‘l uzatsa yetadigan joyda. Past aroratda chala o‘tkazgichlarning qarshiligi sohasida anchagina qiziqarli kashfiyotlar qilib qo‘ydim.
Shunday deb, u o‘z kashfiyotlari haqida gapira ketdi. Qachon qorasoqol va Paley haqida gapiradi? Mening so‘rashim noqulay.
U Ketsga kelib ketmoqchi ekai, lekin yer hisobi bo‘yicha bir oylardan keyin.
— Qidirishlaringiz nima bo‘ldi? — deb so‘radim nihoyat o‘zimni tutolmay.
Ammo shu payt radist gapga aralashib qoldi:
— Shoshilinch tarzda Kets sakkiz raketasi chaqiryapti. Uzr, suhbatlaringizni bo‘lib qo‘yishga majburman.
Radiostansiyadan ta’bim xira bo‘lib chiqdim. Tonya xursand bo‘ldi, sezilib turibdi. Demak, har holda menga befarq qaramas ekan. Lekyn nuqul o‘zining ilmiy ishlari haqida gapirdi. Paley to‘g‘risida og‘iz ham ochmadi. Yaqin o‘rtada ko‘rishmaymiz ham…
Yo‘lakda meni bir yigit to‘xtatdi.
— Urtoq Artemyev, sizni qidirib yuribman. Direktor so‘rayapti.
Parxomenko huzuriga jo‘nadim. U Oyga qilgan sayohatimiz haqida batafsil so‘rab-surishtirdi. Lekin mening javoblarim bema’niroq bo‘ldi.
— Bugun horg‘in ko‘rinasiz, — dedi direktor. — Dam oling, ertadan ishga kirishasiz. Biologimiz o‘rtoq Shlikov sizni ko‘pdan beri kutyapti.
Men tezroq yolg‘iz qolishni istardim. Lekin qornim och edi, shuning uchun oshxonaga jo‘nadim. U yerda ketsliklarga sayohat haqida gapirib berishga to‘g‘ri keldi. Juda mashhur bo‘lib ketdim — Oyga borib kelgan birinchi kishilardanman, axir. Ular meni zo‘r e’tibor bilan tinglashar, menga havas qilishardi. Boshqa mahal bo‘lganda o‘zimga ham tatirdi, lekin hozir Tonyani ko‘rolmaganimdan ko‘nglimga qil ham sig‘masdi. Charchaganimni bahona qilib, gapni qisqa qildim-da, nihoyat, o‘z Xonamga yetib oldim. Men yo‘qligimda devorga mayda to‘rli buklama karavot osib qo‘yishipti. Ko‘rpaning hojati yo‘q edi. Karavotga cho‘zilib, o‘yga berildim. Xayolan Oydan Vasilyev oroliga, o‘z laboratoriyamga, Tonyaning oldidan noma’lum Paley huzuriga qatnayverib, nihoyat uyquga ketibman…
— O‘rtoq Artemyev! Urtoq Artemyev!..
Ko‘zimni ochib, sakrab o‘rnymdan turdim. Eshik oldida sochi ustarada olingan bir yigit turardi.
— Kechiring, uyqungizni buzdim. Lekin turadigan vaqtingiz ham bo‘ldi shekilli. Biz siz bilan sal-pal tanishib olganmiz. Oshxonada, esingizdami? Aerolog Kistenko. Sizdan Oy yo‘sinlari haqida so‘ragan edim. Bu haqdagi xabar Kets shahrigacha yetib boribdi. Yerdagi ketsliklar namuna yuborishni so‘rashyapti. Bugun Kets shahriga aerologik raketa jo‘nataman.
— Marhamat, — dedim men va sumkadan bir parcha «namat» olib uzatdim.
— Juda soz. Bu yo‘sin Yerdagidan og‘irroq ko‘rinadi, lekin umuman yengil. Og‘irlik haqida gapirayotganimdan ajablanyapsizmi? Axir mening raketam Yerga uchadi-da. Kets shahriga har kuni bittadan raketa jo‘nataman. Yerga yetguncha yo‘l-yo‘lakay u avtomatik tarzda barcha aerologik yozuvlarni olib boradi — Yerdan turli masofa uzoqlikdagi atmosferaning sostavi, kosmik nurlarning tarqalish tezligi, harorat, namlik va hokazo. Yo‘lning taxminan to‘rtdan uch qismida raketa Kets Yulduzidagi radionur orqali boshqariladi, shundan keyin esa uni Kets shahrining radionuri o‘z ixtiyoriga oladi. Raketa avtomatik ravishda ochiluvchi parashyutda qat’iy belgilangan nuqtaga, bir kvadrat metr maydonchaga qo‘nadi. Chakki emas-a? Shu raketada xat-xabarlar ham jo‘natiladi… Raketaning vazni aniq hisobga olingan. Shuning uchun ham yo‘sinning og‘irligini bilish muhim. Sizga yana bir karra tashakkur.
U chiqib ketdi. Men soatimga qaradim. «Yer», Leningrad vaqti bilan ertalab edi. Nonushta qilib, ishga jo‘nadim.
Biolog Andrey Pavlovich Shlikovning kabineti eshigini ochib, bir lahza to‘xtab qoldim. Bu kabinet Yerdagi boshliqlarning kabinetiga o‘xshamasdi. Agar Tyurinni devor kavagidagi o‘z uyasiga biqinib olgan o‘rgimchakka qiyos qilgan bo‘lsak, Shlikov ko‘m-ko‘k bog‘dagi kapalak qurtiga o‘xshardi. Kabinet ichi gurkirab yotgan mayda bargli ko‘katlar bilan qoplangan edi. Xuddi quyosh nuri yoritib turgan yashil g‘or deysiz. Xonaning to‘rida, to‘qima kursi ustida semiz, qoradan kelgan o‘rta yoshlardagi kishi — Shlikov yonboshlab yotibdi. U menga bir oz shalvillaganroq va ayni paytda uyqisirayotganday ko‘rindi. Uning qovoqlari xuddi yog‘ bosganday osilib ketgan edi. Men kirgach, uyquli qovoqlari ko‘tarildi-yu juda sho‘x, aqlli, kulrang ko‘zlarga nazarim tushdi. Ko‘zlarining o‘ynoqiligi uning vazmin harakatlariga sira mos kelmasdi.
Biz salomlashdik. Shlikov mendan Oy haqida so‘ray boshladi. Oldidagi uzun alyumin stolda bir tutam yo‘sin yotardi.