Nazarimda qulab ketayotganday bo‘ldim. Lekin, yaxshiyamki, odam hushdan ketganda ham bu yerda qulamaydi. Tonya nima derkin? Men unga qattiq tikilib qolgan edim.
— Ha, — deb javob berdi u ikkilanmay.
Men yengil tortib, havo stulida o‘zimni tetikroq his qildim.
— Men adashmabman, — dedi sekin Paley, uning ovozida ma’yuslik bor edi chamamda.
Demak ularning o‘rtasida ilmiy manfaatdan bo‘lak narsa ham bor, deb o‘ylab adashmagan ekanman.
— Sening oldingda gunohkorman, Nina… — dedi Paley bir oz jimlikdan so‘ng.
Tonya ma’qullab bosh silkidi.
Paley menga qaradi.
— Biz — o‘rtoqlarmiz, — dedi u, — o‘rtoqlar bilan esa ochiqchasiga gaplashaverish mumkin. Men seni yaxshi ko‘rardim, Nina… Sen shuni bilasanmi?
Tonya boshini quyi egdi.
— Yo‘q.
— Ishonaman. O‘z hislarimni yashirishni bilardim. Sen-chi? Sen menga qanday qararding?
— Men uchun sen do‘st va hamkasb o‘rtoq eding.
Paley bosh silkidi.
Bu masalada ham xato qilmabman. Sen ishga berilib ketding. Men bo‘lsam o‘z o‘timda o‘zim qovrildim! Uzoq Sharqqa jo‘nash haqidagi taklifni qanday quvonch bilan qabul qilganim yodingdami? Men o‘ylovdimki, agar sen yonimda bo‘lmasang…
— Ishimiz eng qiziq joyida to‘xtab qolganidan qattiq ranjidim. Hamma yozuvlarni sen qilayotgan eding. Formulalar ham senda edi. Ularsiz men hech narsa qilolmasdim.
— Faqat ana shu formulalarni deb meni yeru ko‘kdan izlab yuribsanmi?
— Ha, — javob berdi Tonya.
Bu gal Paley yurak-yuragidan kuldi.
— Mayli, hammasi yaxshilikka bo‘lsin. Siz hamma narsaga tez beriladigan odamsiz, deb menga ko‘p ta’na qilganean, Nina. Hayhot! Bu mening kamchiligim, lekin ayni vaqtda fazilatim ham… Ana shu ishqivozligim bo‘lmasa, bugun Parxomenko aytgan ishlarni qilolmagan bo‘lardim. Darvoqe, hammamizni mukofotga taqdim qilishmoqchi. Bu mukofot ham ishqivozligim evaziga… Shunday qilib, — davom etdi u, — Uzoq Sharqqa jo‘nab ketdim va u yerda… Sonyani sevib qoldim, unga uylandim, hozir ajoyib qizcham bor. Hotinim bilan qizim Yerda, yaqinda bu yoqqa kelishadi.
Men yana ham yengil tortdim.
— Nega sen Yevgenyev bo‘lib qolding? Yevgeniy Yevgeiyev? — so‘radi Tonya.
— Yevgeniy Yevgenyev — bu tasodif. Sonyaning familiyasi — Yevgenyeva. U juda g‘alati-da. «Nega sen mening familiyaga o‘tmaysan?» deb qoldi ZAGSga borishdan oldin. «O‘tsam o‘taveraman-da», deya rozi bo‘ldim men ham. Paleyga achinmayman: u hamma narsaga ishqivoz odam. Ishni eng qiziq joyida tashlab ketaveradi… Balki, Yevgenyev durustroq xodim bo‘lar?
— Nega yozuvlarni menga jo‘natib yubormading?
— Birinchidan, shu qadar baxtiyor edimki, hamma narsani unutib yubordim. Ikkinchidan, o‘zimni sening oldinda gunohkor his qilardim. To‘satdan jo‘nab ketganimdan keyin Leningradda ikki marta bo‘ldim. Bir gal seni o‘rtoq Artemyev bilan ko‘rdim. Uning familiyasini aytib chaqirganingni eshitganman. Darrov o‘rtalaringizdagi munosabatni tushundim. U paytda Kets sistemasida ishlay boshlagan edim, yangi ish meni butunlay o‘ziga rom qilib qo‘ygan edi. Men faqat osmon tashvishi bilan yashardim. Sen bilan boshlagan ishimizga, rost gap, tamoman qiziqmay qo‘ydim. Yezuvlarni senga qaytarishim kerakligini bilardim… Shu orada o‘rtoq Artemyevni ko‘rib qoldim. Lekin juda tig‘iz payt edi. Leningraddan uchib ketishimizdan bir soatgina oldin to‘satdan telegramma kelib qoldi. Unda Leningrad zavodlari chiqargan ba’zi bir yangi fizik uskunalarni xarid qilish topshirilgan edi. Sherigim bilan olinadigan narsalarni taqsimlab, Uchinchi Iyul ko‘chasi bilan Yigirma Beshinchi Oktabr ko‘chasi mutolishida uchrashishga kelishdik. Shuning uchun ham adresimni aytishga ulgurmay, shoshilinch jo‘nab ketdim. Faqat: «Pomir, Kets!» — deb qichqirishgagina ulgurdim. Pomirga kelgandan keyin esa ish bian o‘ralashib qoldim. Keyin Kets Yulduziga uchib ketdim, bu yerdan esa — sayyoralararo sayohatga… Bor gap shu. Aybdorman, g‘oyatda aybdorman!
— Qani o‘sha yozuvlar! — deb xitob qildi Tonya.
— Faqat stuldan uloqtirib yuborma, chilparchin bo‘lib ketaman, — dedi kulib Paley. — Hayhot! Hayhot! Buning uchun osmonga uchib chiqishing shart emas edi. Yezuvlar Leningradda, senga deyarli qo‘shni turadigan singlimnikida qolgan.
— Ikki enlik xat yozib yuborsang bo‘lmasmidi! — dedi Tonya ta’na bilan.
— Egilgan boshni qilich kesmas, — dedi Paley-Yevgenyev, qopqora sochli boshini Tonya oldida xam qilib.
Tonya jilmayganicha barmoqlarini uning quyuq sochlari orasiga suqib yulqiladi. Bu harakatdan ikkovlari ham charxpalak bo‘lib ketishdi.
— Senga mukofot berish kerak emas, aksincha, jazolash kerak!
— Nimaga jazo berishsa, shunga mokofot ham berishadi, — deb e’tiroz bildirdi Paley kulib.
Tonya birdan menga o‘girilib, dedi:
— Endi Yerga uchamiz, Lenya!
«Yerga uchamiz! Lenya!» Bu so‘zlar bir necha oy ilgariroq aytilganda meni qanchalar baxtiyor qilgan bo‘lardi! Endi esa faqat «Lenya» so‘zi entiktirib yubordi. Yerga uchish masalasiga kelsak…
— Bu haqda yana gaplashamiz. Darrov jo‘navorsak bo‘lmas. Ikkovimizning ham chala ishlarimiz bor, — javob berdim men.
— Nimalar deyapsan! — taajjublandi u. — Endi men bilan Yerga qaytishni istamaysanmi?