N.V. Gogol
Rojdestvo arafasidagi tun
Rojdestvoga bir kun qolgan edi, u ham o‘tdi. Bulutsiz qish kechasi boshlandi. Yulduzlar charaqlab chiqdi. Oy ham, yaxshilarning yo‘li yerisin, olam ro‘shno bo‘lsin, hamma shodxursand quvonib yoramazon[1] aytsin Iso alayhissalomga madh o‘qisin, deb osmonga viqor bilan kutarildi. Sovuq kunduzgidan kuchliroq. Ammo, shunday sokinlik ediki, oyoq ostidagi qorning g‘archnllashi yarim chaqirimdan eshitilardi. Uspirinlar hali deraza tagida to‘planishganlari yo‘q. yolg‘iz oygina yasangan qizlarni g‘archillama qorga tezroq chiqinglar, deb chaqirayotganday darchalardan mo‘ralardi. Bir uyning mo‘risidan burqirab tutun chiqib, osmonga ko‘tarildi, tutun ichida supurgi mingan yalmog‘iz ham osmonga chiqib ketdi.
Agar shu paytda sorochinlik sud maslahatchisi fuqaroga qarashli otlardan uchtasi qo‘shilgan aravada, sarvoz yigitlarnikidek qunduzi telpak, adipiga qora barra tikilgan po‘stin kiyib, to‘qima qamchinini silkitib o‘tib qolsa, darhol yalmog‘izga ko‘zi tushgan bo‘lardi, chunki duiyodagi birorta ham yalmog‘iz uning nazaridan qochib qutulolmagan. Qaysi bekaning cho‘chqasi nechta tuqqanini, kimping sandigida qancha bisoti borligini, saxiy kishi ulug‘ bayram kunida bisotidan, ro‘zg‘oridan nimasini olib chiqib araqxonaga garov qo‘yishini ham biladi. Ammo sorechinlik sud maslahatchisining yo‘li bugun buyoqqa tushmadi, tushganda ham, boshqalar bilan uning nima ishi bor, o‘zining tashvishi ko‘p. Ammo yalmog‘iz shunday balandga chiqdiki, pastdan qora dog‘ga o‘xshab ko‘rindi. Dog‘ osmonning qasriga borsa, yulduzlar birin-sirin g‘oyib bo‘laverdi. Yalmog‘iz birpasda yengini yulduzga to‘ldirib oldi. Osmonda uch-to‘rttagina yulduz qoldi, xolos. Shu payt narigi tomondan ham qora dog‘ paydo bo‘lib, cho‘zilib, birpasda ulg‘ayib ketdi, Shabko‘r odam ko‘zoynak emas, komissar aravasining g‘ildiragini burniga taqib olsa ham bu narsaning nimaligini bilolmas Edi.
Oldidan qaraganda nemisning[2] xuddi o‘zi: bir zum tek turmasdan nimani ko‘rsa hidlaydigan tumshugi cho‘chqaning tumshug‘iga yoki dumaloq chaqaga o‘xshardi, oyoqlari chillakday: agar Yareski[3] qishlog‘i da’voshisining oyoqlari shunaqa bo‘lsa, bir o‘yin tushishda sinar edi. Ammo orqasidan qaraganda mundir kiygan gubernator stryapchiyining[4] xuddi o‘zi edi, chunki hozir rasm bo‘lgan mundirning orqa tomonida uzun va ingichka etagi bo‘lganidek, uning ham ingichka, uzun quyrug‘i bor edi. Faqat iyagi tagida osilib turgan takasoqoli, boshidagi shoxchasi, mo‘ri tozalovchndan battar qoraligi, uning nemis ham emas, gubernator stryapchiysi ham emas, balki yorug‘ dunyoda oxirgi kun tentirab, yaxshilarni yo‘ldan ozdirib yurgan, ertaga ertalab qo‘ng‘iroqlar chalinishi bilan dumini qisib, orqasiga qaramasdai jahannamga kirib ketadigan shaytonning o‘zginasi ekanini ko‘rsatib turardi.
Bu orada shayton oyni o‘g‘irlash payida sekin-sekin kelaverdi, qo‘lini uzatib, oyni ushlamoqchi ham bo‘ldi-yu, lekin qo‘li kuygandek, tortib oldi, barmog‘ini og‘ziga tiqib so‘rdi. Keyin narigi tomondan kelib ushlamoqchi bo‘ldi, tag‘in qo‘lini tortdi. Ammo ayyor shaytoi shuncha pand yesa ham, sira tinchimasdan, shaytonligini qilaverdi. Yugurib kelib, ikki qo‘li bilan oyni ushlab Oldi; chilim chekmoqchi bo‘lgan odam cho‘g‘ni qo‘lidan qo‘liga olib, uf-uflagandek, u ham afti basharasini bujmaytirib, oyni u qo‘lidan-bu qo‘liga olib sovutganday bo‘ldi-da, darrov cho‘ntagiga solib, hech narsa ko‘rmagandek yugurgancha ketaverdi.
Shayton oyni o‘g‘irlab ketganini Dikankadagilarning hech qaysisi sezmadi. Lekin bo‘lus mirzasi araqxonadan emaklab chiqayotganida osmondagi oy birdaniga qimirlab o‘yiiga tushib ketganini ko‘rgan ekan: azbaroyi xudo, deb qasam ichsa ham qishloqdagilarning hech qaysisi ishonmasdan, uni masxara qilib kuldilar. Ammo shaytonning bunday qonunga xilof ish qilishining boisi nima? Sababi bor edi: boy Chubni munshi mehmondorchilikka chaqirganini bilar edi. Bu mehmondorchilikka da’voshidan bo‘lak munshining qarindoshi, cherkovda nihoyat darajada yo‘g‘on ovoz bilan hofizlik qiluvchi ko‘k syurtuk kiygan hofiz, yana kazak Sverbiguz va yana bir necha kishi chaqirilgan edi. Bu mehmondorchilikda rojdestvo oshi — mayiz solib pishirilgan guruchdan bo‘lak yana za’far qo‘shilgan araq va boshqa turlituman laziz ovqatlar bo‘ladigan edi. Otasi mehmondorchilikka ketganda butun qishloqqa go‘zalligi bilan nomi ketgan qizi uyda yolg‘iz qoladi. yolg‘iz qolgan qiz oldiga norg‘ul azamat temirchi yigit kelsa kerak. Shayton uni Kondrat buzrukning xutbalaridan ham battar yomon ko‘radi. Temirchi ishdan bo‘sh vaqtlarida suratkashlik ham qilardi va bu atrofda undan usta naqqosh yo‘q edi. Yuzboshi L… ko-ning o‘zi, tirikligida uni Poltavaga chaqirib, hovlisining taxta devorini bo‘yatdirgan edi.