Santyago kamzulini yerga to’shadi, boshi tagiga yaqinda o’qib tugatgan kitobni qo’ydi va cho’zildi. Uyquga ketishdan oldin: qalinroq kitob olib chiqqanim tuzuk ekan — ancha vaqt o’qirdim, yostiq uchun ham qulay bo’lardi, deb o’yladi. U uyg’onganda hali qorong’u, tepasida tun choyshabining yirtiqlaridan yulduzlar charaqlab turardi.
“Yana ozgina uxlasam”, o’yladi Santyago.
Uyqusida yana o’sha — o’tgan hafta ko’rgan tushi jonlandi va tushni tag’in oxirigacha ko’rishga ulgurmadi.
U boshini ko’tardi, vinodan bir qultum ichdi. Tayog’ini qo’liga oldi va mudrab yotgan qo’ylarni turtkilay boshladi. Biroq suruvning katta bir to’dasi u ko’zini ochgan damdayoq qo’zg’algan, go’yo u bilan qo’ylar orasida allaqanday sirli aloqa borday, u suruv bilan, mana, ikki yildan beri suv va ozuqa qidirib, bir joydan boshqa joyga sang’iydi. “Menga shu qadar o’rganib qolishdiki, hamma odatimni o’zlashtirib oldi bular, — ming’illadi u. — Mening hatto kundalik rejamdan ham boxabar”.
U yana shu haqda biroz mulohaza qilib, ehtimol, buning aksidir — men ularning odatlarini o’zlashtirib, suruvning tartibiga tushib olgandirman, degan xulosaga keldi.
Biroq boshqa bir to’da qo’y Santyagoning tayoq uchi bilan birma-bir nomini aytib turtkilaganiga qaramay, qo’zg’alishga shoshilmasdi. Umuman, uning ishonchi komil edi — qo’ylar Santyago aytgan gaplarni yaxshi tushunardi, shuning uchun ba’zan u kitobchalarning o’ziga yoqqan joylarini qo’ylarga eshittirib o’qir yoki suruvni haydab o’tgan shaharlar, qishloqlarda eshitgan yangiliklarni ularga gapirib berardi.
Darvoqe, keyingi paytlarda bo’zbola faqat bir narsa — yana to’rt kundan keyin o’zi yetib keladigan shaharda yashaydigan savdogarning qizi haqida gapirardi. U qizni faqat bir marta — o’tgan yili ko’rgan. Movut va jun bilan oldi-sotdi qiladigan do’kondor qo’ylarning junini ko’z oldida qirqtirishni xohlaydi — shunday qilinsa uni aldasholmaydi. Oshnalaridan kimdir Santyagoga shu do’konni ko’rsatdi va u qo’ylarini o’sha tarafga haydadi.
“Jun sotmoqchiman”, dedi u do’kondorga.
Do’kon peshtaxtasi oldida odamlar uymalashib turardi, xo’jayin cho’pondan tushlikkacha kutib turishini so’radi. Santyago rozi bo’ldi va yo’lakka o’tirib, to’rvasidan kitobchasini oldi.
— Voy, cho’ponlar ham kitob o’qisharkan-da, bilmas ekanman, — yonginasidan qiz bolaning qo’ng’iroqday tovushi jarangladi.
U boshini ko’tarib, ko’rinishidan haqiqiy andaluslik, sochlari taqimiga tushgan, qop-qora va mayin ko’zlari esa xuddi bir vaqtlar Ispaniyani zabt etgan mavrlarnikiday qizni ko’rdi.
— Cho’ponlar kitob o’qishi shart emas: qo’ylar har qanday kitobdan ham ko’proq narsaga o’rgatadi, — javob qildi unga Santyago.
Shu zayl gap gapga ulashib, ular gurunglashib ketishdi va rosa ikki soat miriqib suhbatlashdi. Qizaloq do’kondorga qiz bo’lishini, hayoti zerikarli, kunlari xuddi ikki tomchi suvday bir xilligini aytdi. Santyago esa unga Andalusiya yaylovlari haqida, yo’lining ustidagi katta shaharlar haqida eshitganlarini gapirib berdi. Qiz bilan suhbat qurganidan uning kayfi chog’ bo’ldi — axir, bu qo’ylarga gapirgandan yaxshi-da.
— Sen o’qishni qaerda o’rgangansan, — so’radi qiz.
— Hamma qaerda o’rgansa, o’sha yerda-da, — javob qildi bo’zbola. — Maktabda.
— Nega endi savoding bo’lsayam qo’y boqib yuribsan?
Javob o’rniga Santyago boshqa narsa haqida gapirdi: qiz uni baribir tushunmasligiga ishonchi komil edi. U qizga o’zining jahongashtaligidan gapirdi, qizning mavrlarnikiga o’xshagan ko’zlari goh moshday ochilsa, goh hayratdan qisilib ketardi. Vaqt bilinmay o’tar, Santyago ichida bu kunning tugamasligini, savdogarning do’koniga odam yog’ilishini va qo’ylarni qirqtirish bahonasida uch-to’rt kun shu yerda qolib ketishini xohlardi. Hech qachon hozirgiday holatni tuymagan edi; uning shu yerda umrbod qolgisi keldi. Bu qorasoch qiz bilan kunlari sira ham ikki tomchi suvday bir xil kechmasligi aniq edi.
Biroq shu payt qizning otasi do’kondan chiqib keldi va suruvni oralab, qirqish uchun to’rtta qo’yni ajratib oldi. Keyin kelishilganiday haq to’ladi va dedi:
— Endi bir yildan keyin kel.
Mana, nihoyat o’shanda belgilangan muddatgacha bor-yo’g’i to’rt kun qoldi. Bo’zbola uchrashishni o’ylab quvonar va ayni chog’da ko’ngli xijil tortardi: bordi-yu qiz uni yodidan chiqarib yuborgan bo’lsa-chi? Axir, ularning shaharchasi yonidan qo’y haydab o’tadigan cho’ponlar son mingta.
— Bo’lganicha bo’lar, — dedi u qo’ylariga. — Unchalik ahamiyati yo’q. Boshqa shaharlarda ham qizlar to’lib yotibdi.
Biroq u ko’nglining tub-tubida buning ahamiyati chindan ham juda katta ekanini his etib turardi. Cho’ponlarda ham, dengizchi-yu jahongashta savdogarlarda ham doim intiq bo’lib, sog’inib yashaydigan bir shahri bo’ladi va u yerda, ozod qushday dunyo kezish baxtidan voz kechishga arziydigan hurliqo yashaydi.
Kun yorishib ketdi, Santyago otarini quyosh ko’tarilib kelayotgan tarafga haydadi.
“Qo’ylarga oson, — o’yladi u, — hech qanday tashvishi yo’q. Ehtimol, shuning uchun ularning mendan ajralgisi kelmas”.